Elektron do'kon davlatga sotishni boshlash uchun eng qulay eshik. Bu yerda katta tender hujjatlari yo'q: mahsulotingizni katalogga joylaysiz, buyurtmachi uni o'zi topadi. Lekin qarorlar tez qabul qilinadi, xato esa pulga tushadi. Quyida jarayonni ofertadan to'lovgacha ko'rib chiqamiz.
Elektron do'kon nima va buyurtmachi uni qachon tanlaydi
Qonunda elektron do'kon maxsus talab qo'yilmaydigan tovar, ish va xizmatlarni xarid qilishning raqobatli usuli deb ta'riflangan. Oddiy qilib aytganda, bu kanselyariya, xo'jalik mollari, kompyuter texnikasi, mebel kabi standart mahsulotlar uchun. Savdo xarid.uzex.uz platformasida o'tadi, kabinet esa etender.uzex.uz bilan umumiy.
Usulning chegaralari bor. Bitta shartnoma qiymatining yuqori chegarasi «Davlat xaridlari to'g'risida»gi qonunning 49-moddasida belgilangan: tovarlar uchun u ish va xizmatlarga qaraganda ancha yuqori, budjet tashkilotlari uchun esa pastroq. Yillik chegara ham bor: budjet buyurtmachisi elektron do'kon orqali bir turdagi tovarlarni bir moliya yilida 10 000 bazaviy hisoblash miqdorigacha (BHM), ish va xizmatlarni 500 BHM gacha xarid qila oladi, korporativ buyurtmachi esa ish va xizmatlarni 1 000 BHM gacha (VM 276-son qarori, 39-band).
Jarayon qanday o'tadi
- Oferta. Siz mahsulot, narx va shartlarni elektron do'konga joylaysiz. Bu davlat buyurtmachilariga qaratilgan ommaviy oferta hisoblanadi.
- Tanlash. Buyurtmachi ofertalarni ko'rib, keraklisini tanlaydi va narxlar so'rovini ishga tushiradi.
- Narxlar so'rovi. Tizim shunga o'xshash mahsulot taklif qilayotgan boshqa yetkazib beruvchilarga avtomatik taklifnoma yuboradi. Ular ikki ish kuni ichida pastroq narx berishi mumkin. Avval bu muddat 48 soat edi, 2025-yil 1-martdan O'RQ-1005 uni o'zgartirdi.
- G'olib. Eng past narx bergan ishtirokchi g'olib bo'ladi. Ishtirokchilarning nomi va narxlari g'olib aniqlangan paytda ko'rinadi.
- Shartnoma. Tizim shartnomani oferta shartlari asosida shakllantiradi.
Boshqa taklif tushmasa, buyurtmachi tanlangan oferta egasidan narxni tushirishni so'rashi mumkin. Rozi bo'lish yoki rad etish sizning ixtiyoringizda.
Demak, elektron do'konda ikki yo'l bilan sotasiz: buyurtmachi aynan sizning ofertangizni tanlaydi yoki boshqa ofertaga kelgan narxlar so'rovida arzonroq narx berasiz. Ikkala holatda ham faol oferta kerak: taklifnoma o'xshash mahsulotni joylagan yetkazib beruvchilarga boradi.
Ofertani qanday to'ldirish kerak
Qonun ofertada bo'lishi kerak bo'lgan ma'lumotlarni sanab o'tadi:
- mahsulot nomi, sotish narxi, minimal va maksimal lot;
- brend yoki model, texnik ko'rsatkichlar va fotosurat;
- yetkazib berish hududi va muddati;
- ishlab chiqaruvchi haqida ma'lumot va kafolat shartlari;
- kerak bo'lsa, ishlab chiqarilgan sana, yaroqlilik muddati, sertifikat va litsenziyalar.
Mahsulot milliy tasniflagich (klassifikator) bo'yicha tanlanadi, oferta esa moderatsiyadan o'tadi. Rad etilsa, sababi ko'rsatiladi: tuzatib, qayta yuborasiz.
PF-259 bilan 2026-yil 1-yanvardan ofertani joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytirildi. Muddat tugashini kuzatib, ofertani o'z vaqtida yangilang. Joylangan ma'lumotning ishonchliligi uchun ishtirokchining o'zi javob beradi (276-son qaror, 40-band). Buyurtmachi qabul qilguncha ofertani o'zgartirish yoki qaytarib olish mumkin.
Zakalat: qancha va qachon
Elektron do'konda qatnashishdan oldin shaxsiy hisobingizda oferta qiymatining 3% miqdorida zakalat bo'lishi kerak (276-son qaror, 14-band). Ishtirokchilar zakalati g'olib aniqlanguncha, g'olibniki esa shartnoma to'liq bajarilguncha bloklanadi (13-band).
Narxni keskin tushirganlar uchun alohida qoida bor. Narxlar so'rovida bergan narxingiz buyurtmachi tanlagan narxdan 20% va undan ko'p past bo'lsa, farq miqdorida qo'shimcha zakalatni oldindan kiritasiz (43-band). Oferta 2 500 BHM gacha bo'lsa, qo'shimcha zakalat 100 BHM dan, undan yuqori bo'lsa 1 000 BHM dan oshmaydi. Qo'shimcha zakalat bo'lmasa, tizim taklifni avtomatik rad etadi.
Misol: buyurtmachi 10 mln so'mlik ofertani tanladi, siz 7,5 mln so'm taklif qilmoqchisiz. Narx 25% past, demak oldindan 2,5 mln so'm qo'shimcha zakalat kerak. Tez hisoblash uchun zakalat hisoblagichidan foydalaning.
Yutish uchun amaliy maslahatlar
- Karta aniq bo'lsin. Model, ko'rsatkich va rasm haqiqiy mahsulotga mos kelsin. Boshqa tovar keltirsangiz, qabul qilinmaydi.
- Narx yakuniy bo'lsin. Shartnoma oferta narxi bo'yicha tuziladi. Unga logistika, birja xizmat haqi va QQS (2026-yilda 12%) kirganini tekshiring.
- Hududni real belgilang. Uzoq viloyatga yetkazish marjani yeb qo'ymasin.
- Tez javob bering. Narxlar so'roviga ikki ish kuni beriladi. Bildirishnomalarni har kuni ko'ring, hisobda zakalat uchun mablag' tursin.
- Tovar tayyor tursin. Yetkazish muddati kamida 5 kun qilib belgilanadi (PF-259), bu ko'p vaqt emas. Tovar omboringizda yoki ishonchli ta'minotchida bo'lsin.
- Ishlab chiqaruvchi bo'lsangiz, «milliy do'kon» sahifasini biling: u orqali narxlar so'rovi faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yuboriladi (276-son qaror, 45–46-bandlar).
G'olib bo'lgandan keyin
- Shartnoma tizimda ro'yxatdan o'tadi. Budjet buyurtmachisining puli g'aznachilik orqali o'tkaziladi, korporativ buyurtmachi esa 10 ish kuni ichida to'lovni birjaning kliring palatasidagi hisobiga o'tkazadi.
- Palata to'lovni bloklaydi va sizga xabarnoma yuboradi, mablag' tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay. Bu xabarnoma yetkazishga ruxsat.
- Tovarni shartnomadagi muddatda yetkazasiz va odatdagi hujjatlarni (elektron hisob-faktura, qabul-topshirish dalolatnomasi) rasmiylashtirasiz.
- Buyurtmachi tovarni to'liq qabul qilgach, 3 ish kuni ichida buni tizimda tasdiqlaydi. Shundan keyin operator pulni sizga o'tkazadi va zakalatingizni qaytaradi.
Xatarlar
- Shartnomadan bosh tortish yoki uni bajarmaslik. Bu insofsiz ijrochilar reyestriga kiritish asosi. Reyestrdagi kompaniya 2 yil davlat xaridlarida qatnasha olmaydi.
- Zakalatni yo'qotish. Shartnoma sizning aybingiz bilan jarima bilan bekor qilinsa, zakalatingiz buyurtmachiga o'tkaziladi.
- Kechikish uchun penya. Har bir kun uchun bajarilmagan qismning 0,5%, jami 50% gacha. Masalan, 20 mln so'mlik tovar 10 kun kechiksa, 1 mln so'm. Hisoblash uchun: penya hisoblagichi.
- Eskirgan narx. Oferta 60 kungacha turadi. Bu vaqtda xarid narxi yoki valyuta kursi o'zgarishi mumkin, buyurtmachi esa ofertadagi narx bo'yicha tanlaydi.
Keyingi qadam
Elektron do'konda hammasini narx hal qiladi, shuning uchun ofertani joylashdan oldin zararsiz narxingizni biling. Buni qanday hisoblashni tender narxini hisoblash haqidagi maqolada ko'rsatganmiz. Hali kabinet ochmagan bo'lsangiz, ro'yxatdan o'tish qo'llanmasidan boshlang.